Baxtiyor Shohnazarov Uch universitet diplomi sohibi Baxtiyor Shohnazarov 1963-yil 20-dekabrda O’zbekistonning sharqidagi Andijon viloyatining Asaka shahrida tug’ildi. 1974-yilning sentabr oyidan boshlab Tolibjon Sodiqov nomli maxsus musiqa maktab-internatida o’qidi. Ushbu ta’lim dargohini 1981-yilda bitirgach, Toshkent Davlat konservatoriyasining xalq cholg’u asboblari fakulteti talabasi bo’ldi. Diplomini olgandan keyin 1986-90-yillarda Asaka tumanidagi o’rta ta’lim maktablaridan birida musiqa va ashula o’qituvchisi bo’lib ishladi. 1990-yili Toshkent Davlat sharqshunoslik universitetiga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, yana talaba bo’ldi. Ozbekiston va Turkiya orasida tuzilgan talabalar ayirboshlash to’g’risidagi kelishuvga binoan 1992-yilning oktabr oyida o’qishni davom ettirish uchun Izmir shahriga kelgan talabalar qatoridan joy oldi. Bir yil turk tili kursida tahsil olgach, Dokuz Eylul universitetining Ijtimoiy fanlar institutida “jamiyatni boshqarish” mutaxassisligi bo’yicha magistraturada o’qiy boshladi. 1996-yil mart oyida “O’zbekiston konstitutsiyasi ve O’zbekiston amaliyotida ko’pmillatlilik faktori” mazvusidagi diplom ishi imtihon komissiyasi tomonidan yuksak baholandi. Diplom ishining kattagina bo’limi “Avrasya Etudleri” jurnalining 1996-97 qish sonida turk va ingliz tillarida e’lon qilindi. Baxtiyor Shohnazarov 1996-98-yillarda O’zbekiston Respublikasi Oliy xo’jalik sudida bosh maslahatchi-tarjimon lavozimida, 1998-2002-yillarda esa Turkiyaning “Ekpar” kompaniyasining O’zbekistondagi vakolatxonasida huquqshunos va direktor bo’lib ishladi. 1997-2002-yillarda ish faoliyatini Toshkent Davlat yuridik institutining sirtqi bo’limida tahsil olish bilan birga olib bordi. Huquqshunos diplomini olgach, advokatlik faoliyatini boshladi. O’zbekiston aholisi orasida mustaqil jurnalist sifatida ham tanilgan Baxtiyor Shohnazarov 1997-yilning iyul oyidan 2003-yilning mart oyigacha O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Xalqaro” va “Yoshlar” telekanallarida “Huquq va burch” nomli ko’rsatuvga boshlovchilik va mualliflik qildi. Uning dolzarb mavzulardagi maqolalari respublika gazetalarida tez-tez e’lon qilindi. 2004-yil may oyida BMT va EXHT tomonidan tashkil qilingan jurnalistlarning respublika ko’rik-tanlovida birinchi o’ringa loyiq deb topildi. 2008-yil avgust oyida İzmirda uning “Turkiyadagi o’zbeklar. Hayotiy voqealar” nomli kitobi nashr etildi. O’zbek, rus, turk va ingliz tillarini biladi. 2005-yil iyun oyidan beri Turkiyaning Izmir shahrida yashaydi. Turmush o’rtog’i Mavludaxonning kasbi – musiqa o’qituvchisi. O’g’li Bahodir (1990) va qizi Mohinur (1992) litseyda o’qishadi.
|